https://youtu.be/Hxk0ZD_BEXg
Mark bayon etgan Muqaddas Hush habar
13 - bob
Iso oxirzamon haqida .
1 - oyat Iso ma´baddan chiqib ketayotganda, shogirdlaridan biri:
― Ustoz, qara, naqadar chiroyli toshlar, naqadar hashamatli binolar! ― dedi.
2 - Iso unga javob berib:
― Bu hashamatli binolarni ko`ryapsanmi? Bu yerda biror-bir g`isht butun qolmaydi, hammasi vayron bo`ladi, ― dedi.
3 - Iso Zaytun tog`ida, ma´badning ro`parasida o`tirgan vaqtda Butrus, Yoqub, Yuhanno va Idris Undan alohida so`radilar:
4 ― Bizga ayt-chi, bu aytganlaring qachon yuz beradi? Bularning amalga oshishini ko`rsatadigan belgi qanday bo`ladi?
5 - Iso shogirdlariga qarab so`z boshladi:
“Hech kim sizlarni yo`ldan ozdirmasligi uchun ehtiyot bo`linglar!
6 - Chunki ko`p kishilar Mening nomim bilan kelib: “Men U bo`laman”, ― deb ko`plarni yo`ldan ozdiradilar.
7 - Siz yiroq-yaqindan urush xabarlarini eshitganda, cho`chimanglar. Garchi bular sodir bo`lishi kerak bo`lsa-da, bu hali so`nggi nihoya emas.
8 - Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko`tariladi. Ayrim joylarda zilzilalar, qahatchiliklar, qo`zg`olonlar bo`ladi. Bu hodisalar esa bamisli to`lg`oqning boshidir.
9 - Sizlar esa o`zingizga ehtiyot bo`linglar. Chunki sizlarni adliyaga topshirib, ibodatxonalarda uradilar. Men tufayli sizlarni hokimlar va podshohlar huzurida turg`izib qo`yadilar, sizlar esa Mening guvohlarim bo`lasizlar.
10 - Chunki avvalo barcha xalqlarga Injil Xushxabari targ`ib qilinishi lozim.
11 - Sizlarni topshirish uchun olib borayotganlarida, nima aytamiz, deb oldindan o`ylamanglar, qayg`urmanglar. O`sha soatda nima nasib etsa, uni aytinglar. Chunki o`shanda sizlar emas, balki Muqaddas Ruh gapiradi.
12 - Aka ukasini, ota bolasini o`limga topshiradi. Bolalar o`z ota-onalariga qarshi chiqib, ularni o`ldiradilar.
13 - Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha chidagan qutuladi”.
Buyuk musibat va Isoning olamga qaytishi
14 - “Doniel payg`ambar karomat qilib aytgan “dahshatli razolat” nomunosib joyda turganini ko`rganingizda (o`qigan o`zi tushunsin!) Yahudiyada bo`lganlar tog`larga qochishsin.
15 - Tomning ustida bo`lganlar pastga tushib uyidan biron narsa olib kelish uchun uyiga kirishmasin.
16 - Dalada bo`lganlar choponini olgani orqasiga qaytishmasin.
17 - U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy!
18 - Qochishingiz qishga to`g`ri kelmasligi uchun ibodat qilinglar.
19 - Chunki o`sha kunlarda shunday musibat bo`ladiki, Xudo dunyoni yaratganidan to hozirgacha bunday bo`lmagan va qaytib sodir bo`lmaydi.
20 - Agar Rabbimiz o`sha kunlarni qisqartirmaganda edi, hech bir jonzod omon qololmas edi. Lekin U tanlagan kishilar uchungina o`sha kunlarni qisqartiradi.
21 - Agar o`shanda kimdir sizlarga: “Masih mana bu yerda”, yoki: “Mana u yerda”, ― deb aytsa, ishonmanglar.
22 - Chunki soxta masihlar va soxta payg`ambarlar paydo bo`lib, iloji bo`lsa, tanlanganlarni ham yo`ldan ozdirish uchun g`aroyibotlar va mo`jizalar ko`rsatadilar.
23 - Sizlar esa ehtiyot bo`linglar. Mana, Men hammasini sizlarga oldindan aytib qo`ydim.
24 - Ammo o`sha kunlarda, o`sha musibatdan keyin quyosh tutilib, oy xiralanadi.
25 - Yulduzlar osmondan tushib, samoviy kuchlar larzaga keladi.
26 - U vaqt Inson O`g`li bulutlar ichida, buyuk qudrat va shon-shuhrat bilan kelayotganini ko`radilar.
27 - O`shanda U farishtalarini yuborib, osmonning bir burchidan boshqa burchigacha, yerning to`rt tomonidan O`zining tanlagan kishilarini to`plab oladi”.
Hushyor bo`lish haqida
28 - “Anjir daraxtidan ibrat olinglar: uning shoxlari ko`karib barglar chiqarayotganda, yoz yaqinlashganini bilasizlar.
29 - Shunga o`xshab, bu ishlarning sodir bo`layotganini ko`rganda bilinglarki, U yaqindir, bo`sag`ada turibdi.
30 - Sizlarga chinini aytayin: bu nasl o`tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo`ladi.
31 - Yeru osmon bitar, lekin Mening so`zlarim bitmas.
32 - O`sha kun yoki soat haqida birgina Otamdan boshqa hech kim bilmaydi; O`g`il ham, osmondagi farishtalar ham bilmaydilar.
33 - Ko`z-quloq bo`lib turinglar, hushyor bo`lib ibodat qilinglar; chunki o`sha vaqt-soat qachon kelishini bilmaysizlar.
34 - Bu xuddi safarga jo`nagan uy egasiga o`xshaydi. U o`z uy-ro`zg`orini xizmatkorlariga topshirib, har biriga biron vazifa berib, darvozabonga esa hushyor bo`lib turishni buyurib, jo`nab ketibdi.
35 - Xuddi shunday, sizlar ham hushyor bo`lib turinglar. Chunki uy Egasi qachon kelishini ― kechqurunmi, yarim tundami, xo`rozlar qichqirgandami, yoki ertalabmi ― bilmaysizlar.
36 - Mabodo U nogahon kelib, sizlarni g`aflat uyqusida ko`rmasin!
37 - Sizlarga nima aytayotgan bo`lsam, hammaga aytganimdir: hushyor bo`lib turinglar!”